
Farg‘ona davlat universitetida magistratura bosqichi bitiruvchilarining ilmiy salohiyati, tadqiqotchilik mahorati va kasbiy tayyorgarligini namoyon etuvchi muhim jarayon — magistrlik dissertatsiyalari himoyalari yuqori saviyada davom etmoqda. Universitetning turli fakultetlarida tashkil etilayotgan himoyalar ilm-fan, ta’lim va innovatsion izlanishlar uyg‘unligini namoyon etib, yosh tadqiqotchilarning erishgan natijalarini keng jamoatchilikka taqdim etish imkonini bermoqda.

Xususan, Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti Pedagogika kafedrasida 70110101 – Pedagogika nazariyasi va tarixi mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Himoya jarayonida 6 nafar magistrant o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini taqdim etib, tadqiqot mavzularining dolzarbligi, ilmiy-metodik asoslari hamda ta’lim amaliyotiga tatbiq etish imkoniyatlarini asoslab berdilar. Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari magistrantlarning ilmiy tafakkuri, tahliliy yondashuvi va kasbiy kompetensiyalarini yuqori baholadilar.


Shu bilan birga, fakultetning Psixologiya kafedrasida “Psixologiya” mutaxassisligi magistrantlari tomonidan tayyorlangan magistrlik dissertatsiyalari ham muvaffaqiyatli himoya qilindi. Tadqiqotlarda zamonaviy psixologiya fanining dolzarb masalalari, inson omili, shaxs rivoji va psixologik xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy xulosalar hamda amaliy tavsiyalar ilgari surildi. Himoya jarayoni mazmunli ilmiy munozaralar va fikr almashuvlar ruhida kechib, magistrantlarning puxta tayyorgarligini namoyon etdi.

Universitetning Fizika-matematika fakultetida esa 70540101 – Matematika mutaxassisligi magistrantlarining magistrlik dissertatsiyalari himoyalari boshlandi. Himoyaning ilk kunida olti nafar magistrant matematika fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha olib borgan ilmiy tadqiqotlari natijalarini taqdim etib, o‘z ilmiy yangiliklari va amaliy ishlanmalarini namoyish etdilar. Davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiyalar belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqilib, magistrantlarning tadqiqotchilik salohiyati munosib e’tirof etildi.

Tarix fakultetida ham magistrlik dissertatsiyalari himoyalari boshlandi. 70220301 – Tarix (yo‘nalishlar va faoliyat turi bo‘yicha) mutaxassisligi magistrantlari o‘z ilmiy ishlari natijalarini taqdim etib, tarix fanining dolzarb masalalari, milliy davlatchilik tarixi, madaniy meros va tarixiy jarayonlarga oid tadqiqotlari bilan ishtirok etdilar. Dissertatsiyalar Davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, magistrantlarning ilmiy izlanishlari va erishgan natijalari yuqori baholandi.
Magistrlik dissertatsiyalari himoyalari universitetda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Himoyalar davomida taqdim etilgan ilmiy ishlarda zamonaviy muammolarga innovatsion yondashuv, nazariya va amaliyot uyg‘unligi hamda ilmiy natijalarning amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga loyiq.
Mazkur jarayon magistrantlarning bir necha yillik mehnati va izlanishlari yakuni bo‘lish bilan birga, ularning kelajakdagi ilmiy-pedagogik faoliyati uchun muhim bosqich hisoblanadi. Yosh tadqiqotchilarning ilm-fan rivojiga qo‘shayotgan hissasi, yangi g‘oya va tashabbuslari mamlakatimizning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Farg‘ona davlat universitetida davom etayotgan magistrlik dissertatsiyalari himoyalari yosh olimlarning ilmiy salohiyati va intellektual imkoniyatlarini namoyon etayotgan muhim ilmiy maydonga aylanmoqda.