O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi PQ-3655-son qarori
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2017 yil 20 apreldagi PQ-2909-sonli qarori ijrosini ta`minlash, shuningdek, oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini tabaqalashtirilgan holda:
oliy ta`lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o`qituvchilarining – o`rtacha 25 foizga va stajer-o`qituvchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga ega professor ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish;
ilmiy-tadqiqot muassasalarining fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish va innovasiya ishlarida ishtirok etayotgan ilmiy xodimlarining – o`rtacha 25 foizga va stajer-tadqiqotchi hamda fan doktori ilmiy darajasiga va professor ilmiy unvoniga ega bosh ilmiy xodim ish haqining miqdorlari o`rtasidagi tafovutni ikki baravargacha oshirish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin.