Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 335
  • Ko`rib chiqilganlar 295
    • Takliflar 49
    • Arizalar 251
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 40

Kengash nizomi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETI

KUZATUV KENGASHI TO‘G‘RISIDA

NIZOM

Farg‘ona davlat universiteti Kuzatuv kengashining

2022 yil 4 fevraldagi 1-sonli yig‘ilishida

ko‘rib chiqilgan va tasdiqlangan

Farg‘ona – 2022 y.


Farg‘ona davlat universiteti

Kuzatuv kengashi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Farg‘ona davlat universiteti Kuzatuv kengashi (keyingi o‘rinlarda Kuzatuv kengashi deb ataladi) faoliyatini tartibga soladi.

2. Kengash O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF – 5847-son Farmoni, 2021 yil 24 dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ – 60-son va “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 61-son qarorlari, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi hamda Farg‘ona davlat universitetining (keyingi o‘rinlarda universitet deb ataladi) jamoatchilik boshqaruv organlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.

3. Kuzatuv kengashi yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Kuzatuv kengashi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

4. Kuzatuv kengashi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, universitet Ustavi va ushbu nizomga muvofiq amalga oshiradi.

5. Kuzatuv kengashi tarkibiga vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, jamoatchilik vakillari, homiylar, shuningdek, universitet faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa yuridik (jumladan, kadrlar buyurtmachilari) va jismoniy shaxslar kiritilishi mumkin.

6. Universitet Kuzatuv kengashining tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

II. Kuzatuv kengashining vazifalari va vakolatlari

7. Kuzatuv kengashining asosiy vakolatlari quyidagilardan iborat:

universitetning uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingining yuqori o‘rinlaridan joy olish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni belgilash hamda uning amalga oshirilishini nazorat qilib borish;

universitetning o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash, ularning ijrosini muhokama qilish;

ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

universitet oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati bo‘yicha rektor va prorektorlar faoliyatini o‘rganish hamda axborotini eshitish;

universitetning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga moliyaviy nazorat o‘tkazish uchun qo‘shimcha topshiriq berish hamda nazorat tadbirlari natijasi yuzasidan hisobot olish;

universitetni rivojlantirish va uning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni hal etish, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkiloti ko‘rinishida maqsadli kapital jamg‘armasini shakllantirish;

ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, universitet innovatsion hamda boshqa jamg‘armalar mablag‘larini sarflash tartibi va yo‘nalishlarini belgilash;

universitet rahbar va xodimlari hamda professor-o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish, ular faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini (KPI) tasdiqlash;

universitet hamda ular huzuridagi ta’lim va ilmiy muassasalarning rahbari va xodimlari, professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xorijiy mutaxassislar uchun mehnatga haq to‘lash miqdori va samaradorlik mezonlariga asoslangan rag‘batlantirish tartibini belgilash;

universitetning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan xarajatlarning taqsimlanish ulushini belgilash.

8. Kuzatuv kengashi o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida:

universitetdan Kuzatuv kengashiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur ma’lumotlar va axborotlarni belgilangan tartibda oladi;

universitetda kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, shuningdek, universitetning rektoriga universitet xodimlari hamda talabalarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish yuzasidan tavsiyanomalar beradi.

Kuzatuv kengashi amaldagi qonunchilik hujjatlariga, o‘z Nizomiga va universitet Ustaviga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

III. Kuzatuv kengashi tarkibi, ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalar

9. Kuzatuv kengashi ishtirok etishning ixtiyoriyligi va Kuzatuv kengashi vakolatiga tegishli masalalarni hal etishda uning barcha a’zolari teng huquqliligi tamoyillari asosida shakllantiriladi.

Kuzatuv kengashi, qoidaga ko‘ra, Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi), rais o‘rinbosari, kotib va a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

Kuzatuv kengashining soni toq bo‘ladi. Kuzatuv kengashining shaxsiy tarkibi va rahbariyatidagi o‘zgarishlar, qoidaga ko‘ra, bir yilda bir marta amalga oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Universitet rektori lavozimiga ko‘ra Kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi. Universitet rektori Kuzatuv kengashi raisi etib tayinlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

10. Kuzatuv kengashi tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘ladi.

Universitet rektori va prorektorlari Kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.

11. Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlarini universitet rektoriga berish huquqiga ega emas.

Kuzatuv kengashi o‘z vakolatlarini universitet kengashiga topshirishga, shuningdek, universitet Kengashiga kiruvchi vakolatlarni o‘z zimmasiga olishga haqli.

12. Kuzatuv kengashi raisi (ham raisi):

Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;

Kuzatuv kengashi qarorlarini tasdiqlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;

Kuzatuv kengashining yillik ish rejasini tasdiqlaydi, shuningdek, Kuzatuv kengashining yillik ish rejasi bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni Kengash muhokamasiga qo‘yadi;

Kuzatuv kengashi a’zolariga yuklangan vazifalar bajarilishi yuzasidan ularning ishini muvofiqlashtiradi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarda Kuzatuv kengashi nomidan vakillik qiladi;

Kuzatuv kengashining samarali ishlashini ta’minlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

13. Kuzatuv kengashi raisi o‘rinbosarining vakolatlari Kuzatuv kengashining qarori bilan belgilanadi.

14. Kuzatuv kengashi a’zolari quyidagi huquqlarga ega:

Kuzatuv kengashi majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda qatnashish;

universitetda (hamda uning tarkibidagi ta’lim tashkilotlarida) ta’lim jarayonini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha Kuzatuv kengashiga takliflar kiritish;

Kuzatuv kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha xulosa taqdim etish.

15. Kuzatuv kengashi a’zolari Kuzatuv kengashi tarkibida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.

Kuzatuv kengashi a’zolari majlisda shaxsan qatnashishi kerak. Bunday qatnashishning imkoni bo‘lmagan taqdirda Kuzatuv kengashi a’zosi majlisning kun tartibi bo‘yicha o‘z fikrini Kuzatuv kengashiga yozma ravishda taqdim etishga haqlidir.

Kengash a’zosi kengashning yig‘ilishlarida surunkali 3 marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, u Kengash a’zolari tarkibidan chiqariladi.

16. Kuzatuv kengashi kotibi:

Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkiliy-texnik ta’minlaydi;

Kuzatuv kengashi majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;

majlisni o‘tkazish muddatlari va joyini Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) bilan kelishadi;

kun tartibi masalalari bo‘yicha Kuzatuv kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

Kuzatuv kengashi a’zolari va taklif etilgan shaxslarni majlisning sanasi, kun tartibi loyihasi, majlisni o‘tkazish vaqti va joyidan xabardor qiladi;

Kuzatuv kengashi qarorlari bajarilishi monitoringini yuritadi;

Kuzatuv kengashi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kuzatuv kengashi a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.

Kuzatuv kengashi kotibi Kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

IV. Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etish

17. Kuzatuv kengashining vakolatiga tegishli masalalar bo‘yicha qarorlar uning majlislarida qabul qilinadi.

18. Kuzatuv kengashi o‘z ishini o‘zi tasdiqlagan reja asosida amalga oshiradi.

Kuzatuv kengashi majlisi zaruriyatga ko‘ra, biroq bir chorakda kamida bir marta, zarur hollarda, axborot-kommunikatsiya vositalarini qo‘llagan holda masofaviy tarzda o‘tkaziladi.

Kuzatuv kengashi raisi tomonidan uning a’zolarining yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Iltimosnomalarda navbatdan tashqari majlisni chaqirishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak.

19. Kuzatuv kengashi a’zolari masalani Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibiga kiritish to‘g‘risida yozma taklif yuborishga haqlidir. Masalani kun tartibiga kiritish to‘g‘risidagi taklifda masalaning aniq ta’rifi, ma’ruzachining familiyasi, ismi va otasining ismi, taklif etilayotgan qaror loyihasi va Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalasi bo‘yicha materiallar ko‘rsatilishi kerak.

Uzil-kesil kun tartibi Kuzatuv kengashi majlisida tasdiqlanadi.

Kuzatuv kengashi majlisida Kuzatuv kengashi kun tartibida ko‘rsatilmagan masalalar ko‘rib chiqilmaydi.

20. Kuzatuv kengashi majlisini Kuzatuv kengashi raisi, u bo‘lmagan taqdirda esa – hamrais yoki Kuzatuv kengashi raisining o‘rinbosari boshqaradi.

Kuzatuv kengashi majlisini o‘tkazish uchun kvorum Kuzatuv kengashining tayinlangan a’zolari sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat bo‘lishi kerak.

Majlisni o‘tkazish uchun kvorum yoki rais (hamrais) va uning o‘rinbosari bo‘lmaganda, Kuzatuv kengashi majlisini o‘tkazishning yangi sanasi e’lon qilinadi.

21. Kuzatuv kengashi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalarning xususiyatidan kelib chiqib vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislari, universitetning professor-o‘qituvchilari va xodimlari, boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.

22. Kuzatuv kengashi raisiga Kuzatuv kengashi majlisi o‘tkaziladigan sanagacha kamida 7 kalendar kundan kechikmay Kuzatuv kengashi kotibi tomonidan:

Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi loyihasi;

Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari bo‘yicha Kuzatuv kengashi qarorlari loyihalari;

Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari bo‘yicha hujjatlar va axborot materiallari taqdim etiladi.

23. Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) yoki rais o‘rinbosari tomonidan ma’qullangan kun tartibi loyihasi va tegishli materiallar Kuzatuv kengashi majlisi o‘tkaziladigan sanagacha besh kundan kechikmay Kuzatuv kengashi a’zolariga yuboriladi.

Ayni bir vaqtda Kuzatuv kengashining har bir a’zosiga Kuzatuv kengashi majlisi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma elektron, faksimil aloqa, telefonogramma orqali yoki Kuzatuv kengashi a’zosiga shaxsan topshirish yo‘li bilan yuborilishi mumkin hamda Kuzatuv kengashi majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.

24. Kuzatuv kengashi majlisiga axborotlar (materiallar) Kuzatuv kengashining kotibi tomonidan universitetning tegishli bo‘linmalari bilan birgalikda tayyorlanadi.

25. Zaruriyat bo‘lganda, Kuzatuv kengashi majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy Kuzatuv kengashi a’zolari ko‘pchiligining roziligi bilan o‘zgartirilishi (yoki kechiktirilishi) mumkin.

26. Kuzatuv kengashi majlisida qarorlar kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Kuzatuv kengashi majlisi kun tartibi masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qilishda Kuzatuv kengashining har bir a’zosi bir ovozga ega bo‘ladi. Kuzatuv kengashi a’zolari ovozlari teng bo‘lgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.

Ovozning Kuzatuv kengashi bir a’zosi tomonidan Kuzatuv kengashining boshqa a’zosiga berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

27. Quyidagi masalalar bo‘yicha qaror Kengashning majlisida qatnashgan a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismining ovozlari bilan qabul qilinadi:

universitetning uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturini tasdiqlash;

universitetning uzoq va o‘rta muddat uchun shakllantiriladigan biznes-rejasi hamda daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash;

ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar hamda ixtisosliklar bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul parametrlarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilish;

universitetning budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibini, shu jumladan, xarajatlarning taqsimlanish ulushini mustaqil belgilash.

28. Kuzatuv kengashi majlisida bayonnoma yuritiladi. Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasi majlis o‘tkazilgan sanadan boshlab besh kundan kechikmay rasmiylashtiriladi.

29. Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasida:

majlis o‘tkazilgan joy va vaqt;

Kuzatuv kengashi majlisida ishtirok etgan shaxslar;

Kuzatuv kengashi majlisining kun tartibi;

ovoz berishga qo‘yilgan masalalar, ular bo‘yicha ovoz berish yakunlari;

qabul qilingan qarorlar ko‘rsatiladi.

30. Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasi raislik qiluvchi va Kuzatuv kengashi majlisida ishtirok etgan a’zolar tomonidan imzolanadi.

Kuzatuv kengashining sirtdan ovoz bergan a’zolarining yozma shaklda ifodalangan va ularning o‘z qo‘llari bilan imzolangan fikri Kuzatuv kengashi majlisi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yiladi.

31. Kuzatuv kengashi bayonnomalari asl nusxalari saqlanishini Kuzatuv kengashi kotibi ta’minlaydi.

Bayonnomalarga xronologik tartibda tartib raqamlari qo‘yiladi, mufassal tartib raqamiga, alohida hujjatlar yig‘ma jildiga ega bo‘ladi va foydalanish cheklangan axborotlarga ega bo‘lgan hujjatlar uchun belgilangan tartibda saqlanadi.

32. Kuzatuv kengashi raisi (hamraisi) tomonidan tasdiqlangan majlis bayonnomalari Kuzatuv kengashi kotibi tomonidan ular tasdiqlangandan so‘ng besh kun ichida Kuzatuv kengashi raisi va a’zolariga yuboriladi.

33. Kuzatuv kengashi bayonnomasining asl nusxasi va uning materiallari universitetda saqlanadi.

Universitet rektori Kuzatuv kengashi hujjatlarining belgilangan tartibda saqlanishi uchun javobgardir.

34. Kuzatuv kengashi kotibi Kuzatuv kengashi a’zolarining yordamida Kuzatuv kengashi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zaruriyat bo‘lganda, Kuzatuv kengashi raisiga (hamraisiga) tegishli takliflar kiritadi.

Kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijro etilishi holati o‘z majlislarida muntazam ravishda ko‘rib boradi.

35. Kuzatuv kengashining ish tartibi Kuzatuv kengashi tasdiqlaydigan reglamentda belgilanadi.

V. Yakuniy qoidalar

36. Kuzatuv kengashi o‘z vakolati doirasiga kirmaydigan ishlarga aralashsa yoki o‘z vazifalarini to‘liq ta’minlay olmasa, o‘rnatilgan tartibda tarqatib yuboriladi. Bunda, Kuzatuv kengashining yangi tarkibi mazkur Nizomning 3-bobida nazarda tutilgan talablar asosida qayta shakllantiriladi.

37. Kuzatuv kengashi a’zolariga mazkur Nizomda belgilanmagan vakolatlarga ega bo‘lishlariga, universitet rektorining qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlariga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

38. Kuzatuv kengashining faoliyatiga universitet rektori, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlar aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

39. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

40. Mazkur Nizom tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga kiradi.

41. Mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.