Maxsus imkoniyatlar

Ekran o‘lchami:

0 %

Shrift o‘lchami:

0 %
7-Avgust/2026-yil

QUVA SHAHRISTONIDA MUHIM ILMIY KASHFIYOT

Farg‘ona vodiysining boy tarixiy-madaniy merosini ilmiy asosda o‘rganish yo‘lida yana bir muhim natijaga erishildi. Farg‘ona davlat universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasining Loyang shahar arxeologik tadqiqotlar instituti olimlari tomonidan Quva qadimiy shaharchasidagi Qubbo shahristonida olib borilayotgan qo‘shma arxeologik qazishmalar davomida tarix fanlari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan noyob topilmalar aniqlandi.
         Tadqiqotlar natijasida miloddan avvalgi asrlarga mansub bo‘lishi taxmin qilinayotgan qadimiy madaniy qatlamlar hamda mustahkam mudofaa devori qoldiqlari topildi. Arxeologlarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, ushbu hududda miloddan avvalgi davrlardan boshlab milodiy XII asrgacha uzluksiz hayot kechganini ko‘rsatuvchi muhim moddiy dalillar mavjud.
         Hozirda aniqlangan topilmalarning aniq davrini belgilash maqsadida radiokarbon usulida laboratoriya tahlillari olib borilmoqda. Mazkur ilmiy tekshiruvlar natijalari Quva shahristonining qadimiyligi va tarixiy taraqqiyot bosqichlarini yanada aniqroq yoritishga xizmat qilishi kutilmoqda.
         Qazishma ishlari Farg‘ona davlat universiteti huzurida tashkil etilgan “Farg‘ona–Luoyang arxeologik tadqiqotlar markazi” doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu markaz ikki davlat olimlarini birlashtirib, zamonaviy ilmiy metodlar asosida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan qadimiy sivilizatsiyalar, shaharsozlik an'analari va madaniy aloqalarni chuqur tadqiq etishga keng imkoniyat yaratmoqda.
         Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Quvada aniqlangan yangi madaniy qatlamlar va mudofaa inshootlari Farg‘ona vodiysida qadimgi shahar madaniyatining shakllanishi, uning rivojlanish bosqichlari hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalarni o‘rganishda muhim ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
         Mazkur qo‘shma loyiha nafaqat O‘zbekiston va Xitoy olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning yangi bosqichini namoyon etmoqda, balki Buyuk Ipak yo‘li tarixini yanada chuqurroq o‘rganish, Farg‘ona sivilizatsiyasining jahon tamaddunidagi o‘rni va ahamiyatini ilmiy dalillar asosida yoritishda ham muhim qadam hisoblanadi.     

images/file-1786082064297-615011487.jpgimages/file-1786082064300-259972127.jpgimages/file-1786082064301-361127438.jpgimages/file-1786082064303-140617637.jpgimages/file-1786082064304-198287881.jpg